Bugungi kunda “trend”da turgan mavzuga bag‘ishlangan masal
Eshak rahbar edi bir tashkilotga,
Buyruq berar edi Filga-yu Otga.
Deyarli har kuni majlis chaqirar,
So‘kinar, depsinar, tinmay baqirar.
Fillar Qo‘zichoqdek muloyim, ma’sum,
Otlar haqoratni qilishar hazm.
Har oqshom shu ahvol: bo‘lar tang dillar,
Titragan yurakdek titrar qandillar!
Eshakning nazdida hamma aybdor,
Janob ayb axtarmas o‘zidan zinhor.
Eshakning tuyog‘i – muhr-“soqqa”si,
Fil netsin, bor axir bola-chaqasi.
Bir hovuch arpaga mute’dir Ot ham,
Qismatga ko‘nikkan shundayin zot ham.
Eshak qarindoshi – Mochayu, Xachir
Ishlamay ishchilar rizqidan g‘ajir.
“Qanchalar baqirsam, – o‘ylaydi Eshak, –
Xodimlarim hurmat aylaydi beshak!”
Yuzi, ko‘zi uchun ish qilar hamma,
Ortidan go‘riga g‘isht qalar hamma.
Tashkilot kun sayin cho‘kkani-cho‘kkan,
Ter to‘kkanni Eshak so‘kkani-so‘kkan!
Hayotda ham ko‘plar bunga duch kelar:
Aql noqis joyda – jag‘ga kuch kelar!
©️Nosirjon Toshmatov
❤
Kitobxonyoshlar – Sahifamizga obuna bo‘ling
عرض المزيد ...