U, balki, pardozsiz yashab o’tajak,
Balki taqmay o’tar tilla taqinchoq.
Dalada o’t yulib zaqqum yutajak,
Tandir – suhbatdoshi, sirdoshi o’choq.
Qimmat yemakxona ko’rmagan hatto,
Ro’moli shoyimas, ko’ylagi odmi.
Tiriklikning og’ir tashvishi aro
Bor-yo’g’i shul deya bilar hayotni.
Issiq suv jo’mrakdan oqmas hech qachon,
Qumg’onga o’t yoqib qalaydi tezak.
Uning bardoshini qotirgan zamon,
Umridan norizo bo’lmasa kerak.
Oilada mehmon – yetishmovchilik,
Farovon emasdir ro’zg’ori ba’zan.
Onamsan, opamsan, ming ishga cherik,
Orom nimaligin bilmay yashaysan.
Ha, u kino ko’rmas kinosaroyda,
“Istiqlol”ga tushmas bir bora hatto.
Kesakka to’qanab yursa shu foyda,
Bolasin ustini butlamoq avlo.
Minbarda kerilib hayqirgan shovvoz,
Qanday berkitasan kemtiklaringni?
Vijdoning uyg’onib bermasmi ovoz,
Haqiqat sasidan entikmadingmi?
Yurtni to’kis deya madh etgan oning
Ular o’tov qilar biyday dalada.
Yolg’ondan og’rinmas nahotki joning,
Yelkadosh bo’lmaysan, bermaysan dalda?
O’zim-chi?
Shu zaqqum hayotdan qochib
Yuribman shaharda oliftanamo.
Ichimni kemirar nimadir yanchib,
U nima… bilmayman, bilmayman ammo…
Xurshid Abdurashid
ادامه مطلب ...