Abdulla Qodiriy g‘azaliga Rauf Parfi muxammasi
Yil o‘tub, yillar o‘tub tobora loyg‘a botamiz,
Iblisning suprasinda vahdat mayini totamiz,
Onamiz balki gumroh, balki so‘qirdir otamiz,
Ko‘r bizim ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz,
Joyi kelg‘on chog‘ida vijdonni pulga sotamiz.
Bizga or bo‘ldi nahot, yorab, Vatanni kuylamak,
Zoru zoru bu zamin yetti falakni o‘ylamak,
Qizimizga o‘rgatib, suf, deb jahonni bo‘ylamak,
O‘g‘limizga na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak,
Na xudoning buyrug‘i bo‘lg‘on ulum o‘rgatamiz.
O‘lturur el xonavayron, botqon quyoshga ko‘z tikib,
Kulfatu somon yig‘ib qolmish yana, bo‘ston ekib,
Nechalar narvondadir, nechalar yitmish ko‘z tegib,
Hamda har kun takyalarda nasha, ko‘knori chekib,
Bachaga kokil solib oh-voh ila o‘ynotamiz.
Ne balomiz biz o‘zi, to‘rdamiz, ayvondamiz.
Ne kasofat feli bu – qurdamiz, tayvondamiz,
Benazir parrandamiz, qo‘rdamiz, hayvondamiz,
Qorimiz, boyonmiz, balki bu vaqt ahvondamiz,
Nogahon ko‘rsak agar besar soqovni qotamiz.
Qaydin ey sen, takabbur, ko‘ksimni mixlab o‘yguvchi,
Ey yaloqxo‘ri balo, ichib qonimni to‘yguvchi.
Bormikan olam aro ko‘ngilga malham qo‘yguvchi,
O‘rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguvchi,
Biz ani dahriy sanab tafoncha birla otamiz.
Aqrabolar – ko‘z ochiq, dunyoi dun foniy biling,
El uchun, Alloh uchun, jonni tiling, tanni tiling,
Kelingiz, ul kun o‘tdi, qullik asirlikni tiling,
Kelinggiz, yoshlar, ziyolilar bu kun g‘ayrat qiling,
Uxlag‘onlarni agar Qodir esak uyg‘otamiz.
@studentchahazillar
Ko'proq ko'rsatish ...