27-mavzu
Muomala madaniyati – xodimning ma’naviy qiyofasi
Muomaladan inson, avvalo, qurol sifatida foydalanadi. Agar kishi xushmuomala bo‘lsa, u doimo qurollangan kishidek shasht bilan shaxdam yuradi. Xushmuomalalik to‘nini kiyib, xasisni pul bilan, takabburni sipolik bilan, ahmoqni tantilik bilan, dononi esa haqiqat bilan yengib ketaveradi.
Muomala – qalqon. Undan qalqon sifatida foydalanish uchun oldin aqlga ishora qilish kerak bo‘ladi. Adovatni adovat bilan bartaraf qilib bo‘lmaydi, uni faqat adovatsizlik bilan bartaraf etish mumkin.
Nodonlik alomati besabab janjalkashlik: aqlli, dono odam nodon bilan adi-badi aytishmaydi. Bosiqlik, vazminlik va xushmuomalalik bilan vaziyatdan chiqish muomaladan qalqon sifatida foydalanish bo‘ladi.
Muomala – kalit. Oqil-u donolik bilan qilingan muomala yopiq eshiklarni ochadi. Yaxshi gapga ilon inidan chiqadi, deydi xalqimiz.
Muomala – odob. Agar inson odob bilan muomala qilsa, boshqalarda yaxshi taassurot qoldiradi. Yoqimli so‘zlang, lekin xusho-madgo‘ylik qilmang, qahramon bo‘ling, lekin maqtanmang, saxiy va hotam bo‘ling, lekin nomunosib benomuslarga emas, dadil bo‘ling, ammo qo‘pol va surbet bo‘lmang.
Muomala – do‘st. Yaxshi muomalada bo‘lgan kishining albatta do‘stlari ko‘p bo‘ladi.
Muomala – yaxshilik. Ichki ishlar xodimida birovlarga yaxshilik qilish imkoniyati ko‘p. Albatta bundan noqonuniy ishlar mustasno bo‘lishi kerak. Qancha yaxshilik qilsam, birontasi buni bilmayapti-ya, deb nolimang. Chunki buyam savob. Xayr-ehsonga teng savob yo‘q. Osmonda qushning, suvda baliqning izi ko‘rinmaydi. Yaxshilik qiling suvga tashlang, bilsa baliq, bilmasa Xoliq biladi, degani shundan.
Muomala – til. Boyning ham, hukmdorning ham, bolami, keksami, zohid-u donomi, ayol kishimi yo tentakmi hammasining «tili»ni topa bilgan odam chinakam oqildir.
Muomala – so‘z. Inson ruhini hech bir narsa so‘zchalik ko‘tara olmaydi. Bu dunyoda odam ikkita fazilati bilan go‘zal ko‘rinadi: qo‘pol so‘zlamasa va arzimagan narsaga ortiqcha baho bermasa. Bilingki, odamzodning nomayi a’molini so‘zi belgilaydi, uning asosi so‘zdir, so‘zdan yaralgan. So‘zda aldagan odam hamma sohada va har qanday yo‘l bilan aldaydi.
Muomala – tadbir. Xushmuomala kishining ishi tez bitadi. Muomala durust bo‘lmasa, bitayot¬gan ish ham teskari ketadi. Ilojsiz ishlarning iloji yo‘q, imkoni bor narsaning iloji bor. Arava suvda suzmaydi, kema quruqlikda yurmaydi.
Muomala – taqdir. Biling, ichki ishlar organlari xizmatida xavf bor, xatar bor. Ammo siz bundan sira cho‘chimang. Agar mingta o‘q tegsa ham, ajali yetmagan odam o‘lmaydi. Vaqti soati yetgan bo‘lsa, cho‘pga qoqilib ham jon berish mumkin. Yaxshi muomalali kishilarning ishga kirayotgan paytda suhbat jarayonida rahbariyatga ma’qul kelishi, yomon muomalada bo‘lganlarning ostonadan qaytib ketayotgani haqida ijtimoiy tarmoqda misollar juda ko‘p.
Muomala – ko‘zgu. Ko‘zgudan yuzingiz ko‘rinadi. Lekin muomala ko‘zgusidan fe’lingizdagi nuqsonlarniyam ko‘rasiz.
Bir turli insonlar borki, ular yuqori mansabdagilarga yetti bukilib salom beradi-yu, ammo o‘zidan past lavozimdagilarni nazar-pisand qilmaydi. Ularga g‘o‘ddayib, qo‘pol muomala qiladi.
Yana bir toifa kishilar (afsuski, xodimlar orasidayam uchrab turadi) borki, kichik bo‘lsa-da, o‘zidan yoshi kattalarga salom bermay o‘tib ketaveradi. Ularga tanbeh ham kor qilmaydi. Albatta bunday beadablar, avvalo, oilasida tarbiya ko‘rmagan bo‘lishadi. Shuning uchun ular fe’lini bilgan tarbiyali kishilar ularga salom berib o‘ti¬shadi.
Qadimda bir insonning darvozasi oldiga qo‘shnisi har kuni bir chelak chiqindisini qo‘yib ketar ekan. Bu odam esa, evaziga bir chelak olmani qo‘shnising darvozasi oldiga qo‘yib kelaveribdi.
Bu hol bir oydan ziyod davom etgach, axlatchi qo‘shni jahl bilan kelib, «Ey, siz qanaqa odamsiz, men sizni yomon ko‘rganimdan har kuni darvozangiz oldiga chiqindi qo‘yib ketsam, siz olma qo‘yib kelasiz, bu nima, ustimdan kulyapsizmi?», debdi. Shunda «Nima qilay, qo‘shni, har kim o‘zida borini beradi-da», deb javob bergan ekan.
Show more ...