Adliya vazirligi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga ogohnoma yuboribdi
Yodingizda bo‘lsa, 5 yil stajga ega xotin-qizlar uchun tavsiyanoma olishga arizalar qabuli boshlangani, lekin ushbu jarayonda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi talabgorlardan Prezident farmonlari bilan taqiqlangan hujjatlarni so‘rayotgani haqida
yozgan edim.
Bugun Adliya vazirligi ushbu masala yuzasidan munosabat bildirdi va mazkur holat
qonunchilikka zidligi, shu sababli Qo‘mitaga
ogohnoma yuborilganini ma’lum qildi.
❓Qo‘mita nima uchun qonunchilikka zid ravishda bunday hujjatlarni so‘rayapti?
Masalaning ichiga biroz chuqurroq kirsangiz, qiziq holatga duch kelasiz.
Tavsiyanomalar berish jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 322-sonli
qarori bilan tartibga solinadi. Ushbu qarorda talabgor xotin-qizlardan hech qanday hujjat so‘rash nazarda tutilmagan. Aksincha, Hukumat qarorida aniq va tiniq qilib,
talabgorlarning ma’lumotlari «Elektron hukumat» tizimidan tekshirilishi yozib qo‘yilgan.
Ammo mana shu qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 2-ilovasida talabgorlar topshiradigan ariza namunasi keltirilgan. Ariza namunasida esa
"Arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilaman:" deya 3 ta hujjat ro‘yxati sanab o‘tilgan.
Katta ehtimol bilan, Qo‘mita aynan arizadagi mana shu gapdan kelib chiqib,
3 yildan buyon xotin-qizlardan
ortiqcha hujjat so‘rayapti. Bizning byurokratlarga maydagina asos bo‘lsa, yetadi. Bir emas, ikkita Prezident farmonidan ko’ra, Hukumat qarorining ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning ilovasidagi bittagina jumla ustunlik qilaveradi.
Menda yana boshqa savol ham bor. Qanday qilib, 2022-yilda imzolangan Hukumat qarorida
Prezident farmoniga zid yozuvlar ketib qolgan? Hech kim
"hoy, baraka topgurlar, qarorda hech qanaqa hujjat topshirish talab etilmayapti, nega ariza namunasida bunaqa gap bo‘lishi kerak" degan savolni bermaganmi? Adliya vazirligi hujjatni ekspertizadan o‘tkazmaganmi?
Va asosiy savol: xo‘p, endi xotin-qizlardan noqonuniy hujjatlar talab qilish davom etaveradimi yoki bu to‘xtaydimi?
👉
@xushnudbek 👈
Ko'proq ko'rsatish ...