36-mavzu
NAJOT TA’LIMDA, NAJOT TARBIYADA, NAJOT ILMDA
Inson qalbi, ong-u tafakkuriga nisbatan xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali zamonda navqiron avlodimiz, jondek aziz farzandlarimiz hayotiga, ularning ta’lim-tarbiyasiga bir lahza ham loqayd qarashga mutlaqo haqqimiz yo‘q. Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsad yo‘lida dadil ilgarilab borayotgan Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimi oldidagi mislsiz vazifalar ham bu bordagi maqsadlarimizni yanada teranlashtiradi. Chunki biz intilayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun, avvalo, yuksak professional kadrlar – o‘z ishining chinakam ustalari, har qanday sharoitda ham el-yurtimizga sadoqatli va jonkuyar insonlar kerak. Bugun ushbu masala mamlakatimiz taqdiri va kelajagini, barchamizning hayot-mamotimizni belgilaydigan eng mas’uliyatli va sharafli ishga aylanmoqda.
«Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir»
Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy lafzida yangragan bu purma’no so‘zning mohiyati keyingi yillarda yurtimizda «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan katta ishlar ko‘lami qadar keng quloch yoymoqda. Borliqqa ko‘zlarida hayrat va har bir nuqtaga savol nigohi bilan boqqan farzandlarimiz ilk saboqni maktabda oladi. Ularning alifbodan har harfni o‘zlashtirgani sayin ong-u tafakkuri o‘sib, ilm ummoni sari yo‘li oydinla¬shib boradi. Bunda o‘quvchining ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, ota-ona va o‘qituvchining o‘zaro hammaslakligi, jonkuyarligi hamda mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu jarayonlarni o‘qituvchining salohiyati, ta’lim muassasasidagi shart-sharoit, talablar ham bevosita to‘ldiradi.
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda yurtimizda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etilgani, 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklangani, ulug‘ allomalari¬miz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibro¬yim Yusupov, Is’hoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etilishi ham har jihatdan sifatli ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar beradi, albatta.
Zamon bilan hamnafas ta’lim va uning huquqiy asoslari. Keyingi yillarda mamlakatimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim huquqiy asoslar yaratildi. Xususan, Prezidentimizning «2022–2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni va «Xalq ta’limini rivojlanti¬rishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohadagi islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslarini mustahkamlash barobarida, amalga oshirilayotgan yangilanishlarga dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Ushbu rivojlantirish dasturida zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish, rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish, bola ta’lim-tarbiyasida oila, ayniqsa, ota-onaning rolini oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasblarga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning xalq ta’limi tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv ta’lim jarayonlarini jadallash¬tirish, sohada elektron davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy modellar bo‘yicha maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash hamda zarur jihozlar bilan ta’minlash singari yurtimizda maktab ta’limini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgan. Ayniqsa, yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining yaratilishi ta’lim tizimida yangicha ruh, mazmun va muhit paydo qilayotgani hech biri-mizga sir emas.
Ko'proq ko'rsatish ...